Mehr va e’tibor og‘ushida

Bugungi kunda mamlakatimizda inson qadri, uning huquq va manfaatlarini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi etib belgilangan. Bu jarayonda barcha fuqarolarimiz kabi imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimizga e’tibor va amaliy g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida ahamiyat qaratilmoqda.

Ana shunday sa’y-harkatlarning davomi sifatida bugun shahar hokimligi hamda Sahovatpesha insonlar tomonidan “Versal” tadbirlar maskanida shahrimizdagi imkoniyati cheklangan hamshaharlarimiz uchun 3 dekabr - Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan bayram dasturxoni yozildi.

Tadbirda so‘z olganlar bugungi kunda mamlakatimizda imkoniyati cheklangan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga va ularni ijtimoiy-siyosiy hayotga faol jalb etish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar haqida to'xtalib o‘tishdi.

Eng muhimi, imkoniyati cheklangan har bir yurtdoshimiz xalqimizning, davlat idoralarining mehr-u e’tiboridan chetda qolmasdan, o‘zining mehnati va qobiliyati bilan nafaqat hayotda o‘z o‘rnini egallab kelmoqda, balki azmu matonati, sabr-bardoshi va shukronalik fazilatlari bilan ko‘pchilikka ibrat bo‘layotganligini alohida ta’kidlandi.

Shundan so‘ng tadbir ishtirokchilariga shahar hokimligining sovg‘alari topshirildi.

Tadbir shahar madaniyat bo‘limi sanatkorlarining musiqiy dasturi ostida davom etdi.

Kattaqo'rg'on shahar hokimligi axborot xizmati.

2015-2024 © Каттақўрғон шаҳар ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM