MARD VA JASUR HARBIYLAR, MUSOBAQA G‘OLIBLARI TAQDIRLANDI

“Men g‘olib” shiori ostida o‘tkazilib kelinayotgan musobaqalar milliy armiya qudratini mustahkamlashi bilan birga harbiy xizmatchilarning bilim va mahoratini, jismoniy faolligini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Kuni kecha ushbu tanlovning g‘oliblari e’tirof etildi. Shahar drama teatrida ushbu shior ostida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi artilleriya qo‘shinlari o‘rtasida o‘tkazilgan “Eng ilg‘or artilleriya hisobi”  musobaqasi g‘oliblari taqdirlandi.

Artilleriya qo‘mondoni, harbiy qism qo‘mondonligi, soxa faxriylari, harbiy qism harbiy xizmatchilari, o‘quvchi yoshlar hamda musobaqa g‘oliblari bo‘lgan harbiy xizmatchilarning ota-onalari va oila a’zolari qatnashgan tadbirda shahar hokimi Gavhar Alimova ishtirok etdi.

Tadbirda so‘z olgan shahar hokimi Gavhar Alimova hamda Artilleriya qo‘mondoni, polkovnik Farrux Igamberdiev so‘zga chiqib bugungi kunda harbiylarga berilayotgan e’tibor, Milliy armiyamiz salohiyatini oshirish borasida o‘tkazib kelinayotgan ana shunday musobaqalarning ahmiyati haqida so‘z yuritdilar hamda yurtimizning tinchligi va osoyishtaligini asrashda mard va jasur harbiylarning bilimi, kuch va salohiyati, mahorati muhim o‘rin tutishini, xalqimiz ularning jasoratiga ishonishlarini  ta’kidladilar.

Shundan so‘ng musobaqa g‘oliblari hamda ularning ota-onalariga O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining ko‘krak nishonlari, esdalik va qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.

-O‘g‘limning harbiy ekanligidan, yurtimizni tinchligini asrashda xizmat qilayotganligidan judayam xursandman,-deydi farzandining muvaffaqiyati orqasidan katta faxr hissini tuygan harbiylarning ota-onalaridan Baxrillo ota. Albatta,  mard va jasur, vatanparvar farzandlarining ortidan e’zozlangan har qanday ota-onaning ko‘ngli tog‘dek ko‘tariladi.  

Ishtirokchilar e’tiboriga havola qilingan harbiy qism harbiy orkestr jamoasining Vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlari, Faxriy qorovul jamoasining ko‘rgazmali va harbiy jang ustalarining jangovar chiqishlari tadbirga ko‘tarnkilik baxsh etdi.

Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi axborot xizmati.

2015-2024 © Каттақўрғон шаҳар ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM