MUQADDASDIR VATAN BAYROG‘I!

Yurtimizda bo‘lgani singari Kattaqo‘rg‘on shahrida ham ushbu shior ostida Davlatimiz bayrog‘i qabul qilinganligining 32 yilligi munosabati bilan turli tanlovlar va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi.

Bayram tadbiri erta tongdan shahrimizning markaziy ko‘chalari bo‘ylab harakatlangan bayroqlar avtokarvoni bilan boshlandi.

Shundan so‘ng shahar hokimligi, yoshlar. harbiylar, talabalar va keng jamoatchilik vakillari tadbirning asosiy qismida ishtirok etish uchun shahar hokimligi oldida jam bo‘ldilar.

Davlatimiz madhiyasi bilan boshlangan tadbirni shahar hokimi Gavhar Alimova ochib berdi va tadbir ishtirokchilarini bayram bilan muborakbod etdi.

- Mana 32 yildirki, 1991 yil 18 noyabrda Mustaqilligimiz ramzlaridan biri bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining “Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan kundan boshlab ushbu kun milliy iftixorimiz sifatida katta tantana bilan nishonlanib kelinmoqda.

 

Zero, Davlat ramzlari hamisha muqaddas va ulug‘ sanaladi. Chunki u xalqning o‘tmishi, buguni va kelajagini o‘zida mujassam etgan Vatanning yorqin timsolidir.  Shunga ko‘ra har bir inson ongu shuuriga Vatanimiz ramzlariga nisbatan chuqur hurmat tuyg‘ularini singdirish, umummilliy va ehtirom timsollari bo‘lgan bayroq, gerb va madhiyamizni ulug‘lash va ardoqlash barchamizning muqaddas burchimizdir.

 Davlat bayrog‘i – davlat suverenitetining ramzi hisoblanib, u yer yuzining shu sarhadlarida mustaqil O‘zbekiston davlati borligini anglatadi va o‘zida milliy-madaniy an’analarimizni mujassamlashtiradi. Vatanimiz bayrog‘i o‘zining ko‘rki va jamoli bilan qadimda mavjud bo‘lgan milliy davlatlarimiz bilan tarixan bog‘liqligini anglatib, barcha ijtimoiy-madaniy qadriyatlarimizni o‘zida mujassamlashtirgani bilan ham ahamiyatlidir, - deya ta’kidladi shahar hokimi o‘z so‘zida.

Harbiy qism harbiy xizmatchilarining ko‘rgazmali chiqishlari hamda shahar Madaniyat bo‘limi san’atkorlarining Vatanni madh etuvchi qo‘shiqlari tadbirga ko‘tarinkilik bag‘ishladi.

Tadbirda so‘z olgan nuroniy Abdulla Barnoev yuksaklikda viqor bilan turgan Vatanimiz bayrog‘i xuddi ona Vatan kabi aziz va muqaddas ekanligini, milliy bayrog‘imiz yoshlarda milliy g‘urur, fidoiylik va vatanparvarlikni shakllantirishdagi eng muhim vosita ekanligini aytib o‘tdi.

Haqiqatdan ham bayrog‘imizning balandligi yurtimizning obro‘-nufuzi yuksakligidan dalolatdir. Shunday ekan, sarbaland qaddimiz va qadrimiz timsolini hamisha e’zozlaylik va boshimiz uzra baland ko‘taraylik!

Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi axborot xizmati.

2015-2024 © Каттақўрғон шаҳар ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM