"Kattaqoʻrgʻon non va shirinliklari" festivali oʻtkazildi

Buyuk Ipak yoʻlida joylashgan Kattaqoʻrgʻon shahrida qadimdan hunarmandchilik turlari bilan bir qatorda qandolatchilik, holvapazlik ham rivojlangan. Tarixdan maʼlumki, shahar bozorida boshqa joylarda uchramaydigan turli xil shirinliklar sotilgan.

Kattaqoʻrgʻon shahar bozoriga karvon bilan kelgan yoʻlovchilar va musofirlar shunday qandolatchilik mahsulotlaridan xarid qilib oʻzlari bilan yurtlariga olib ketishgan. 

Bugungi kunda ham shaharda 100 dan ortiq qandolatchilik yoʻnalishidagi oilaviy va xususiy tadbirkorlar faoliyat yuritib kelmoqda.

Bugun Kattaqoʻrgʻon shahrida oʻtkazilgan “Kattaqoʻrgʻon shirinliklari va non festivali” shahar aholisi, jamoatchilik va tadbirkorlarni bir joyga jamladi.

Tadbirni shahar hokimi Gavhar Alimova kirish soʻzi bilan ochib berdi va festivalning ahamiyati, shahar tarixida muhim oʻrin tutgan qandolatchilik va uni rivojlantirish, shu yoʻnalishda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ishlar haqida soʻz yuritdi.

Mazkur festival doirasida Kattaqoʻrgʻon shahrida tayyorlanadigan maxsus shirinliklar jamlanmasi hamda qandolatchilik va non mahsulotlari foto brendi yaratilib, jamoatchilik vakillari va tadbirkorlar ishtirokida taqdimoti oʻtkazildi. 

Shundan soʻng shahar Madaniyat boʻlimi tomonidan tayyorlangan badiiy kompozitsiya tadbir ishtirokchilari eʼtiboriga havola etildi.

Festivalda tadbirkorlar, turli tashkilotlar va idoralar 5 ta yoʻnalish boʻyicha koʻrgazmalari bilan ishtirok etdilar.

"Shirinliklar va milliy xolvalar”, “Tort va mahalliy pishiriqlar”, “Sharbatlar va tabiiy ichimliklar”, “ Non va non mahsulotlari” va  “Milliy taomlar” yoʻnalishi boʻyicha koʻrgazmalar bilan tanishgan festival tashkiliy qoʻmita aʼzolari ishtirokchilarni eʼtirof etdilar.

Oʻzlarining iqtidorlari, tashabbuskorliklari bilan ajoyib koʻrgazmalar tashkil qilgan tadbir qatnashchilari turli nominatsiyalar boʻyicha tashakkurnoma va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar. 

Festival ajoyib kuy va qoʻshiqlar ostida davom etdi.

Kattaqo'rg'on shahar hokimligi axborot xizmati.

2015-2024 © Каттақўрғон шаҳар ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM