KATTAQOʻRGʻON SHAHAR HOKIMI GAVHAR ALIMOVANING TIBBIYOT XODIMLARI KUNI MUNOSABATI BILAN BAYRAM TABRIGI

Hurmatli tibbiyot sohasining jonkuyar fidoyilari va aziz shifokorlar! 

Eng katta boyligimiz salomatligimizni asrashdek mashaqqatli va samarali mehnatlari bois shifokorlik kasbini kasblar ichida eng sharafli kasb sifatida eʼtirof etadilar. Avvalo, ushbu olijanob ishga oʻz hayotini baxshida etgan siz, azizlarni Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan chin dildan tabriklayman. 

Sizlarning timsolingizda xalq salomatligi yoʻlida oʻz halovatidan kechib, tunu-kun fidokorona mehnat qilayotgan sharafli kasb egalarini koʻramiz. Buyuk yunon tabibi Gippokratning “Tabobat barcha ilmu sanʼatlar ichida eng buyuk ilm va sanʼatdir”, deya eʼtirof etgani mashaqqatli va ezgu faoliyatingizga berilgan haqiqiy bahodir.

Oʻz fuqarolarining salomatligini muhofaza qilish-har qaysi davlatning birinchi galdagi va dolzarb vazifasi hisoblanadi. Shu boisdan ham mamlakatimizdagi tub yangilanishlar ijtimoiy hayotning muhim yoʻnalishlari boʻlgan tinchlik va osoyishtalikni saqlash va aholi salomatligini muhofaza qilishdan boshlangani bejiz emas. Chunki sogʻlik va tinchlik inson uchun eng ulugʻ va hech narsa bilan oʻlchab boʻlmas neʼmatdir.

Har doim ham kasallikni davolashdan koʻra, uning oldini olishning ahamiyat yuqori boʻlgan. Shu maqsadda bugun mamlakatimizda profilaktik tibbiyot rivojiga ahamiyat qaratilmoqda.

Reproduktiv salomatlik, onalik va bolalikni muhofaza qilish boʻyicha milliy dasturlarning amalga oshirilishi natijasida bolalar davolash muassasalarida ilgari mavjud boʻlmagan neonatal xirurgiya, kardioxirurgiya, invaziv xirurgiya, qizlar ginekologiyasi kabi yangi boʻlimlarda murakkab davolash amaliyotlari oʻtkazilmoqda. Patronaj xizmati yangicha asosda yoʻlga qoʻyildi. Hamshiralarning uyma-uy yurib, har bir shaxsning salomatligini puxta oʻrganishlari tufayli kasalliklarning oldini olish, oilalarda tibbiy madaniyatni yuksaltirish borasida salmoqli yutuqlarga erishilmoqda.

Shahrimizda ham 94 mingdan ortiq aholiga malakali va sifatli tibbiy xizmat koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha izchil ishlar amalga oshirildi. Barcha qulayliklarga ega boʻlgan zamonaviy tibbiy jihozlar bilan jihozlangan shahar Tibbiyot birlashmasi oʻzining 1000 dan ortiq malakali xodimlari bilan aholi salomatligini saqlash yoʻlida samarali faoliyat yuritmoqda.

Shuningdek, Ingichka aholisi uchun xizmat qilayotgan sanitariya boʻlimi ham zamonaviy shifoxonalardan qolishmaydi.

Boʻlimning terapiya, xirurgiya, laboratoriya xonalari, shuningdek, shifoxona xodimlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar shifokorlarni oʻz vazifalarini sidqidildan bajarishlari uchun barcha talablarga javob beradi. 

Qolaversa, tibbiyot sohasidagi islohotlar bois tibbiyot birlashmasida tumanlararo gemodializ markazining ochilishi, skrening tekshiruvlarining yoʻlga qoʻyilishi, jarrohlik laporaskopik apparatining berilishi hamda Multispiral kompyuter tomografi oʻrnatilganligi bu shahrimiz fuqarolariga viloyat yoki respublikaga bormasdan shu yerning oʻzida diagnoz qoʻyish va davolanish imkonini yaratdi.

Albatta, shahrimiz aholisiga sifatli va malakali tibbiy xizmat koʻrsatish yoʻlida yaratilgan bu kabi shart-sharoitlar, qulayliklar mamlakatimizda inson salomatligini saqlash Davlat oldidagi dolzarb masalalardan ekanligining yorqin isbotidir.

Biz albatta shahrimiz tibbiyot xodimlarining fidoyiliklari va matonatlarini, sharafli kasblarining masʼuliyatini dildan his qilgan holda el salomatligi yoʻlida qilayotgan xizmatlarini yuksak eʼtirof etamiz. Va ularning kuchli iqtidor, bilim va salohiyatlari bilan olib borayotgan samarali faoliyatlari oʻlaroq shahrimiz aholisiga malakali va sifatli tibbiy xizmatni yoʻlga qoʻyishda munosib hissa qoʻshishlariga ishonamiz.

Qadrli tibbiyot xodimlari!

Sizlarni qutlugʻ kasb bayramingiz bilan yana bir bor samimiy muborakbod etib, barchangizga sihat-salomatlik, ulkan zafarlar, oilaviy baxt-saodat, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik tilayman!

2015-2024 © Каттақўрғон шаҳар ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM