KATTAQOʻRGʻON SHAHAR HOKIMI ALIMOVA GAVHAR ZAYIROVNANING 21 OKTYABR - OʻZBEK TILI BAYRAMI MUNOSABATI BILAN BAYRAM TABRIGI

Assalomu alaykum aziz kattaqoʻrgʻonliklar!

Bugun 21 oktyabr - Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun.

Sizlarni ushbu qutlugʻ sana, yaʼni, milliy qadriyatlarimiz, maʼnaviyatimiz va oʻzligimizni dunyoga tanitadigan, millatimiz faxri va gʻururi boʻlgan ona tilimiz, yaʼni oʻzbek tili bayramining 34 yilligi bilan muborakbod etaman.

Atoqli maʼrifatparvar Abdulla Avloniy bobomiz aytganidek, til – millat ruhini yuksaltiruvchi buyuk kuchdir. Ushbu buyuk neʼmatni har bir millat qanchalik eʼzozlasa, qadrlasa, uning taraqqiyoti uchun jon kuydirsa, til yanada goʻzal va betakror boʻlib qolaveradi! Zero, unda xalq tarixi, milliy qadriyatlari, madaniyati mujassamdir. 

1989 yil 21 oktyabrda oʻzbek tiliga Davlat tili maqomining berilishi ham xalqimiz hayotidagi buyuk tarixiy voqea va Oʻzbekistonning mustaqillik sari qoʻygan ilk tamal toshi boʻldi. Davlatimiz mustaqilligining eʼlon qilinishi bilan esa ona tilimiz oʻzining haqiqiy oʻrniga ega boʻldi.

Albatta, oʻtgan yillar mobaynida ona tilimizga milliy merosimizning asoslaridan biri sifatida katta eʼtibor qaratilib, uning sofligini saqlash, bu boradagi qonunchiligimizning mazmun-mohiyatini yosh avlod ongiga singdirish yoʻlida ulkan ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, oʻzbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotidagi va xalqaro miqyosdagi obroʻ-eʼtiborini oshirish, oʻsib kelayotgan yosh avlodni vatanparvarlik, milliy anʼanalarimiz va qadriyatlarimizga hurmat va sadoqat ruhida tarbiyalash va mamlakatimizda davlat tilini toʻlaqonli joriy etilishini taʼminlash maqsadida oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 30 yilligi arafasida, yaʼni 2019 yil 21 oktyabrda Davlatimiz rahbarining “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi.  

Davlat tilini rivojlantirish, uning oʻrni va mavqeini mustahkamlashga qaratilgan ishlarning davomi sifatida Prezidentimiz 2020 yil 10 aprelda Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbek tili bayrami kunini belgilash toʻgʻrisida”gi Qonunni imzoladi. Qonunga muvofiq 21 oktyabr mamlakatimizda “Oʻzbek tili bayrami kuni” deb belgilandi.

Ushbu bayramning yurtimizda keng nishonlanishi ona tilimizning naqadar boyligini koʻrsatib bera olishi bilan birga unga boʻlgan hurmat va eʼtiborni yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Shuni alohida taʼkidlash joizki, har birimiz tilimizning pokligi va oʻziga xosligini saqlash, uni boyitish va takomillashtirishga oʻz hissamizni qoʻshishimiz lozim. Millatimiz gʻururi, iftixori boʻlgan, noyob xazina – ona tilimizni asrash barchamizning burchimizdir.

Azizlar!

Sizlarni yana bir bor Oʻzbek tili bayrami bilan samimiy tabriklayman.

Barchangizga sogʻlik-omonlik, baxtu saodat, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu -baraka tilayman.

2015-2024 © Каттақўрғон шаҳар ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM