RAQAMLI IQTISODIYOT: BUGUNGI HOLAT, MUAMMO VA YECHIMLAR

 So’ngi vaqtlarda «raqamli iqtisodiyot» tushunchasi juda ko’p marta qo’llanilmoqda. Ayniqsa, oxirgi 2 yilda, ko’p qo’llanilishi bilan bir qatorda, uning rivoji uchun ma’lum ishlar qilindi. Darhaqiqat, ko’plab rivojlangan mamlakatlarda raqamli iqtisodiyot ularning rivojlanish omillariga sezilarli darajada ta’sir o’tkazgan.

  Aynan “raqamli iqtisodiyot” yo’nalishi bo’yicha tahsil olayotganim bois, shu mavzuga oid fikrlarim bilan bo’lishishga qaror qildim. Demak, ushbu maqola raqamli iqtisodiyot nima?, uning O’zbekstiton iqtisodiyotida tutgan o’rni, ma’lum muammolar va universal yechimlar haqida bo’ladi.

 Raqamli iqtisodiyot – bu xo’jalik faoliyatini zamonaviy texnologiyalar yordamida yuritish. Boshqacha qilib aytganda, raqamli iqtisodiyot bu - onlayn xizmatlar ko’rsatish, elektron to’lovlarni amalga oshirish, internet savdo va boshqa turdagi sohalarni kompyuter texnologiyalarini rivojlanishi bilan bog’lagan faoliyatdir. 

Raqamli iqtisodiyot tushunchasi nisbatan uzoq bo’lmagan vaqtda, 1995-yili Massachusets universiteti olimi Nikolas Negroponte tomonidan aniqlab berilgan. Olim axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini intensiv rivojlanishi ortidan eski iqtisodiyotdan yangi iqtisodiyotga o’tishda, qanday o’zgarishlar ro’y berishi mumkinligini aytib o’tgan.

 Asosan raqamli iqtisodiyotni rivojlanishining asosiy elementi sifatida elektron tijorat, internet banking, elektron to’lovlar, internet reklama va shu bilan birga, internet o’yinlari ko’riladi. Axborot texnologiyalarini rivojlanishi va ularni hayotga tadbiq qilinishi evaziga kundalik hayotimizda juda ko’plab qulayliklar paydo bo’lmoqda. Deylik, ovqatlanmoqchimiz, lekin uni tayyorlashni xohlamaymiz, muommo emas, internetdan uyga ovqat yetkazib berish xizmati orqali xohlagan taomni onlayn buyurtma qilishimiz mumkin. Yoki do’stimizga pul o’tkazishimiz kerak, buning uchun bankga borish shart emas, pulni clik, payme yoki mobil banking (bankning smartfonlar uchun mo’ljallangan ilovasi) orqali o’tkazishimiz mumkin. Raqamli texnologiyalar rivojlanishi ortidan inson, unga kerakli xizmatdan tezroq foydalanishi, internet orqali o’ziga kerakli mahsulotlarni arzon sotib olish bilan ko’plab pul mablag’larini tejashi mumkin.

  Raqamli iqtisodiyotning afzallik tomonlaridan biri bu- xarajatlarni minimallashtirishda. Iqtisodiy tamoillar bizga shuni ko’rsatadiki, davlat iqtisodiyotining o’sishiga katta ta’sir qiladigan ko’rsatkichlardan biri bu- davlat xarajatlarini qisqartirish va ularni to’g’ri yo’naltirishdir. Raqamli iqtisodiyot rivojlanishi uchun davlat hamma uchun teng sharoit yaratib berishi; bozor qoidalari, qonunlar va shartnomalar shaffof bo’lishi; qonunlar bozor talabidan kelib chiqqan holda, ya’ni bozordagi rivojlanish tendensiyalarini hisobga olgan holda qabul qilinishi zarur.

 Davlatimiz rahbari 2020-yil 13-fevral kuni axborot texnologiyalarini rivojlantirishga bag‘ishlangan tadbirda keltirgan statistik ma’lumotlariga muvofiq, AQShda raqamli iqtisodiyotning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 10,9 foiz, Xitoyda 10 foiz, Hindistonda 5,5 foizni tashkil etadi. O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 2 foizdan ham oshmaydi. O’zbekistonda raqamli iqtisodiyot mavjud potensialga nisbatan bir necha barobar sekinroq rivojlanmoda. Ya’ni, imkoniyat bor, kerakli resurslar mavjud, lekin rivojlanish ancha sust. Bunga sabab qilib,  ko’plab sohalarda monopoliyaning mavjudligi; internet tezligini pastligi va uni sifatsizligi; axborot texnologiyalari sohasida qonununchilikning zamondan orqada qolganligi; fuqarolarda kompyuter savodxonligining o’ta pastligi; axborot texnologiylari bo’yicha mutaxassislarning yetishmasligi yoki ularni boshqa mamlakatlarga ketib qolishi; axborot madaniyati, axborot gigiyenasi pastligi kabilarni ko’rsatish mumkin.

 Raqamlashtirishning ahamiyati va ta’sirini qanchalik ortib borayotganligini baholash uchun so‘nggi o‘n yillikdagi bir nechta yirik texnologik kompaniyalar va raqamli platformalar kapitalining jahon bozoridagi ulushini ko’zdan kechirish kifoya qiladi. Dunyo bo’yicha eng boy 10 ta kompaniyadan 6 tasi raqamli sohada faoliyat olib boradi. Tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, 2022-yilga kelib global YaIMning chorak qismi raqamli sohada bo‘lishini taxmin qilinmoqda. Xalqaro axborot kommunikatsiya texnologiyalari rivojlantirish indeksi bo‘yicha O‘zbekiston 170 dan ortiq davlat ichida 103-o‘rinni egallab turishining o‘zi mamlakatimizda bu sohada hali o‘z yechimini kutayotgan masalalar va qilinishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘pligidan dalolat beradi.

Raqamli iqtisodiyotning davlat sektori uchun qo’llanilishi, jarayonlar samaradorligini oshirish, davlat xizmatlaridan foydalanishda firibgarlik va suiste’mollar uchun imkoniyatlarni kamaytirish, fuqarolar va xususiy sektor bilan o‘zaro samarali aloqa ta’minlash va katta ma’lumotlardan foydalangan holda ijtimoiy tendensiyalarni aniqlash va tahlil qilish imkoniyatlarini yaratadi.

Raqamli iqtisodiyot – bu noldan boshlab yaratilishi lozim bo‘lgan qandaydir boshqacha iqtisodiyot emas. Bu yangi texnologiyalar, platformalar va biznes modellari yaratish va ularni kundalik hayotga joriy etish orqali mavjud iqtisodiyotni yangicha tizimga ko‘chirish, deganidir.

Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda blokcheyn texnalogiyalaridan foydalanish katta samara beradi. Blokcheyn bu - markaziy boshqaruv organiga ega bo‘lmagan holda ma’lumotlarni internetda himoyalangan va shaffof tarzda saqlash va o‘zgartirish imkonini beradigan xavsiz ma’lumotlar omboridir. 

Hulosa qilib aytadigan bo’lsak, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish uchun kerak bo’ladigan barcha narsa yaratilgan va tayyor. Bizdan talab qilinadigani ulardan maksimal ravishda foydalanish va yangi iqtisodiyotni qurish.

Timur SALIMOV,

Toshkent Davlat Iqtisodiyot Universiteti talabasi.

2015-2024 © Каттақўрғон шаҳар ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM