AHOLINI RO‘YXATGA OLISHDA KIMLAR HISOBGA OLINADI

O‘zbekiston Respublikasining “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi Qonuni, 24-moddasiga asosan aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish sanasida chaqiruv asosida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilar, shuningdek, kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga jalb etilgan harbiy xizmatchilar va ularning yopiq hududlarda yashayotgan oila a’zosi bo‘lgan respondentlar haqidagi shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish harbiy qism komandiri yoki u vakolat bergan shaxs tomonidan amalga oshiriladi. 
Aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish sanasida bolalar internatlarida, tarbiya muassasalarida, «Bolalar shaharchalari»da, ijtimoiy va diniy muassasalarda, shifoxonalarda va boshqa sog‘liqni saqlash tashkilotlarida, zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish markazlarida, qamoqda saqlash joylarida, tergov hibsxonasida, axloq tuzatish va maxsus muassasalarda yashayotgan (bo‘lgan) respondentlar to‘g‘risidagi shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish ushbu qismda nazarda tutilgan muassasalar hamda tashkilotlar ma’muriyatlari tomonidan amalga oshiriladi. O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalari xodimlari bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari hamda ularning o‘zi bilan birga bo‘lgan oila a’zolari, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xalqaro hukumatlararo tashkilotlardagi kvotalangan lavozimlarga yuborilgan fuqarolar Tashqi ishlar vazirligi tomonidan ro‘yxatga olinishi lozim. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiya qilingan chet davlatlar doimiy vakolatxonalari, xalqaro, hukumatlararo tashkilotlar va chet davlatlar hukumat tashkilotlari vakolatxonalarining xodimlari bo‘lgan chet el fuqarolari hamda ularning oila a’zolari, shuningdek, xalqaro shartnomalarga muvofiq diplomatik imtiyozlarga va immunitetga ega bo‘lgan boshqa shaxslar ro‘yxatga olinmaydi.             
Kattaqo’rg’on shahar statistika bo’limi

2015-2024 © Каттақўрғон шаҳар ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM