OILA - INSON UCHUN MUQADDAS VA ULUG‘ DARGOH!

Zero, inson shu dargohda tug‘iladi, o‘sadi, unadi, voyaga yetadi. Oilani jamiyatning kichik bir parchasiga qiyoslaydilar. Ana shu kichik parcha, jamiyatning asosiy bo‘g‘ini mustahkam, tinch bo‘lsagina jamiyat ham osoyishta va farovon bo‘ladi. Insoniyatni dunyoga keltiradigan, jamiyatning rivojida munosib o‘rin tutadigan oilalar shu boisdan ham xalqaro miqyosda e’tirof etilib, Xalqaro oila kuni sifatida nishonlanib kelinadi.

BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1993 yil 20 sentyabrdagi Xalqaro oila yili to‘g‘risidagi rezolyusiyaga muvofiq 1994 yil 15 maydan buyon nishonlanib kelinayotgan ushbu sana munosabati bilan bugun shahrimizdagi Istirohat bog‘ida ham tadbirlar tashkil qilindi.

Shahar hokimligi, oila va xotin-qizlar bo‘limi tomonidan tashkil qilingan “Farovon oila sari” shiori ostida bo‘lib o‘tgan ushbu tadbirlarda shahar hokimi Gavhar Alimova, tashkilotlar rahbarlari, jamoatchilik vakillari, yoshlar hamda shahrimizdagi ibratli, yosh oilalar ishtirok etdilar.

Shahar hokimi jamoatchilik vakillari hamrohligida tashkil qilingan ko‘rgazmalar, tadbirlarlarni ko‘zdan kechirdi.

Ayniqsa, milliy qadriyatlarimiz, an’analarimizni o‘zida aks ettirgan hunarmandchilik ko‘rgazmalarini tadbir ishtirokchilari katta qiziqish bilan tomosha qildilar.

Tadbir doirasida “San’atga oshufta qalblar” – san’atkor sulolalarning chiqishlari, “Baxtli oila – ilhom parisi”, “Kuyla dilkash dutorim”, “G‘azalxon yoshligim”, “Atlas kiygan sarvinozim”, “Qadriyatlari qadrlangan yurt”, “Oqilona ovqatlanishni milliy dasturxonimiz asosiga aylantiramiz”,  “Hunar – xazinalar kaliti” , “Sog‘lom oila – sog‘lom jamiyat asosi”, “Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasi” hamda “Farovon oila sari” nomli tadbirlar o‘tkaziladi.

Shuningdek, tadbirlar davomida ibratli oilalar, oltin to‘y sohiblari, san’atkor oilalar shahar hokimligining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Tadbir sho‘x kuy-qo‘shiqlar ostida davom etdi. Shahar hokimi barcha tadbir ishtirokchilarini, ibratli oilalarni bugungi bayram bilan muborakbod etdi va oilalarning tinchligi va totuvligi, baxtiyorligi jamiyatning rivoji va farovonligiga xizmat qilishini ta’kidladi.

O‘ylaymizki, mana shunday tadbirlar oilalarning mustahkamligini ta’minlash, yoshlarda oilaviy qadriyatlarga hurmat hissini shakllantirish,  ota -onalik majburiyatini chuqur anglashlarida va muhimi jamiyatimizda faravon va baxtiyor oilalarning ko‘payishiga xizmat qiladi.

Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi axborot xizmati.

2015-2024 © Каттақўрғон шаҳар ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM