Kattaqo‘rg‘onlik xotin-qizlar faollariga planshetlar taqdim etildi

Mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani sir emas. Ayniqsa, Davlatimiz rahbari tomonidan mahallalarda xotin-qizlar bilan ishlash, ularning muammolarini hal etish, ijtimoiy ko‘makka muhtoj xotin-qizlarga ko‘maklashish maqsadida xotin-qizlar faoli lavozimining tashkil qilingani bu boradagi ishlarning amaldagi natijasi bo‘ldi.

Bugun mahallalarda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar faollarining samarali mehnatlari bois xotin-qizlarning jamiyatda o‘z o‘rinlarini topishlari va munosib hayot kechirishlari uchun imkoniyatlar yaratilmoqda.

Bugun Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligida xotin-qizlar faollariga Oila va xotin qizlar davlat qo‘mitasi tomonidan ajratilgan planshetlarni topshirish tadbirida dastlab, so‘zga chiqqan shahar hokimi Gavhar Alimova ushbular xususida so‘z yuritdi.

Tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Zebiniso Raxmanova, shahardagi mahallalarda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar faollari, hamkor tashkilotlar ishtirok etdilar.

Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Z.Raxmanova xotin-qizlar uchun ko‘rsatiladigan yetmishdan ortiq ijtimoiy xizmat turlari endi planshetlar orqali elektron shaklda joylashtirilishi va tegishliligi bo‘yicha hamkor tashkilotlarga yo‘naltirilishini ta’kidladi.          

Shuningdek, Prezidentimizning 2022-yil 29-iyundagi 300-sonli qarorida ham mahallalardagi xotin-qizlar faollari tomonidan “Mahallada ijtimoiy xizmat” modulini joriy etish belgilangan edi. Unga ko‘ra, ijtimoiy xizmatlarga muhtoj bo‘lgan oilalarning ehtiyojmandlik darajasi avtomatlashtirilgan tarzda obektiv qaror qabul qilish orqali baholanadi.

Bunda, oilalarning ma’lum bir turdagi davlat ijtimoiy xizmatiga bo‘lgan ehtiyoji so‘rovnoma tarzda baholash mezonlariga muvofiq aniqlanadi. Bu boradagi barcha ishlar elektron shaklda, planshetdan foydalangan holda amalga oshiriladi.

Xotin-qizlar faollari bugun mana shunday planshetlarning berilgani aniqlangan muammolarni shu joyning o‘zida elektron modulga kiritib, tegishli tashkilotga to‘g‘ridan to‘g‘ri biriktirilishi va elektron shaklda qabul qilingan ushbu murojaatlarni belgilangan muddatda ijrosini ta’minlashda katta qulaylik bo‘lganligini bildirdilar.

Tadbir davomida xotin-qizlarning muammolarini hal etish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda hamkorlikda faoliyat yuritgan sog‘liqni saqlash, bandlik, Yoshlar ishlari agentligi, bank, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi, deputatlar, xalq ta’limi va boshqa hamkor tashkilotlar vakillariga oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Z.Raxmanova tomonidan tashakkurnomalar topshirildi.

Shundan so‘ng, xotin-qizlar faollariga planshetlar tantanali ravishda taqdim etildi.

Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi axborot xizmati.

2015-2024 © Каттақўрғон шаҳар ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM