Ilg‘or mamlakatlar hamkorlik qilishga tayyor

O‘tgan yili BMT Aholishunoslik jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi Davlat statistika qo‘mitasining aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish bo‘yicha imkoniyatlarini ijobiy baholadi. Shundan so‘ng bu sohaga doir ko‘plab anjuman va uchrashuvlar o‘tkazildi. Chet el tajribasi o‘rganildi.

Jumladan, 2019 yilning 19-21 avgust kunlari Davlat statistika qo‘mitasi vakillari, vazirlik va idoralar hamda xalqaro ekspertlar ishtirokida Chexiya Respublikasida aholini ro‘yxatga olish masalalari muhokama qilindi. 25 sentyabr kuni qo‘mitamiz YUNFPA, USAID, Jahon Banki, BMTning Bolalar fondi vakillari, Rossiya Federatsiyasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari va tegishli vazirliklar ishtirokida “O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik, texnik va moliyaviy yordam yo‘nalishlari” mavzuidagi donorlik uchrashuviga mezbonlik qildi. Uchrashuvda mamlakatimizda o‘tkaziladigan aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish jarayonlarida uslubiy va texnik yordam ko‘rsatish hamda tajriba almashish kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.  

26 noyabrda BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan YUNFPA, Davlat statistika qo‘mitasi va qator vazirlik, tashkilotlar ishtirokidagi xalqaro seminarda O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlikning hozirgi holati, muvofiqlashtiruvchi guruh uchun texnik hamkorlik loyihasini muhokama qilish va tasdiqlash kabi masalalar ko‘rib chiqildi. Davlat statistika qo‘mitasi mutaxassislari va Belarus Milliy statistika qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i T. V. Babuk ishtirokida tadbir ham qizg‘in kechdi.

27-28 noyabr kunlari bo‘lib o‘tgan xalqaro seminarda MDHga a’zo davlatlar milliy statistika idoralarining aholini ro‘yxatga olish bo‘yicha mutaxassislari, MDHning Statistika qo‘mitasi rahbarlari, YUNFPA vakillari, BMTning Evropa iqtisodiy komissiyasi va boshqa xalqaro tashkilot vakillari 2019 yilning oktyabr oyida Ozarbayjon va Belarus davlatlarida o‘tkazilgan aholini ro‘yxatga olishning dastlabki natijalari, MDHga a’zo boshqa davlatlarda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish jarayonlari kabi mavzularda fikr almashishdi.

2 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasida o‘tkazilgan uchrashuvda Evropa Ittifoqi delegatsiyasi maslahatchisi, hamkorlik rahbari – F. Bejo O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rish ishlarida faol ishtirok etish va hamkorlik qilish istagini bildirdi.

9-13 dekabr kunlari Minsk shahrida aholini ro‘yxatga olish sohasida Belarus Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi, joriy yil 27-31 yanvar kunlari esa Boku shahrida Ozarbayjon Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi tajribasi o‘rganildi. Asosiy e’tibor mazkur davlatlarda 2019 yilda bo‘lib o‘tgan aholini ro‘yxatga olishning natijalari, jarayonlardagi muammo va kamchiliklarni o‘rganishga qaratildi. Shuningdek, aholini ro‘yxatga olish dasturi va savolnomalarini ishlab chiqish, sinov tariqasidagi aholini ro‘yxatga olish tartibi, ma’lumotlarni yig‘ish va qayta ishlash bo‘yicha elektron dastur yaratish bo‘yicha tajribalari o‘rganildi.

Bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin.

Oldinda qilinadigan ishlar ko‘p. Ularni muvaffaqiyatli bajarish suv va havodek zarur. Negaki, bu orqali O‘zbekistonning har bir manzili, hatto chekka va olis mahallayu ko‘chalarigacha aloqador barcha ma’lumotlarni o‘zida aks ettirgan yagona ma’lumotlar bazasiga ega bo‘lamiz. Bu qimmatli ma’lumotlar esa ertangi kunimiz farovonligiga xizmat qilishi, shubhasiz.

Kattaqorg’on shahar statistika bo’limi

2015-2024 © Каттақўрғон шаҳар ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM